2022-yil 11-12 noyabrda off-layn va on-layn shaklda ommaviy axborot vositalari (keyingi matnda – OAV) vakillari uchun “Tamakisiz kelajak sari!” seminar- mashg‘ulot o‘tkazildi.
Seminar-mashg‘ulotning maqsadi OAVlari vakillarini tamaki mahsulotlarining tarqatilishini va iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish, xalqaro tajriba bilan tanishish, qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan birgalikda ushbu masalalarni muhokama qilish hamda dolzarb masalalarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda iborat bo‘ldi. Seminar-mashg‘ulot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Ibn Sino» jamoat fondining «Tamakisiz kelajak sari!» loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Aholining sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faolligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash markazi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.Tadbirda jurnalistlar, muxbirlar, blogerlar ishtirok etdilar.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki har yili butun dunyoda 8 milliondan ortiq kishini o‘ldiradi. Ushbu o‘lim hollarining 7 milliondan ortig‘i tamakini bevosita iste’mol qilish oqibati bo‘lsa, 1,2 millionga yaqini – bu ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgan chekmaydigan odamlardir.
Seminar-mashg‘ulot yakunida O‘zbekiston jurnalistlari va blogerlarining «Tamakisiz kelajak sari!» mavzusi bo‘yicha ijodiy ishlari tanlovining yakuniy qismi – tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, ularga sovg‘alar topshiriladi.Shuningdek, yoshlar tomonidan yaratilgan eng yaxshi axborot materiallar turkumi g‘oliblari e’lon qilindi va sovg‘alar topshirildi.