+998 (71) 238-74-27      lyceum@wiut.uz

O‘zbekiston tarixda ilk bor shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘ldi

Butunjahon shaxmat olimpiadasining final bosqichida O‘zbekiston Gollandiya terma jamoasini mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi. Hal qiluvchi bahsda Jahongir Vohidov raqibini mag‘lubiyatga uchratib, terma jamoaga Olimpiadaning ilk oltin medalini keltirdi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining 11-turida Gollandiya terma jamoasini mag‘lub etib, turnir chempioni bo‘ldi. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuv 2,5:1,5 hisobida yakunlandi.

20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (2620) 23 yoshli Yorden Van Forest (2678) bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchrayotgandi, biroq vaziyatni o‘nglab, uchrashuvni durangga olib chiqdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi 11 tur davomida beshta g‘alaba, oltita durang qayd etdi va birorta ham mag‘lubiyat alamini totib ko‘rmadi (11 tadan 8 ochko).

17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov va ayni damda dunyoning eng yaxshi 10 nafar shaxmatchisi qatoridan joy olgan 28 yoshli Anish Giri (2760) o‘rtasida ham g‘olib nomi aniqlanmadi, ustunlik o‘zbekistonlik sportchi tarafida edi. U g‘alaba qozonsa, reytingi 2700 dan yuqori bo‘lgan shaxmatchilar ro‘yxatiga kirishi mumkin edi.
11 tuv davomida Abdusattorov sakkizta g‘alabaga erishdi, jumladan, 10-turda hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘yinda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi, uch marta durang o‘ynadi va bor-yo‘g‘i bir marta mag‘lubiyatga uchradi (11 tadan 8,5 ochko).

16 yoshli grossmeyster Javohir Sindarov (2629) garchi uchrashuv davomida ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, 27 yoshli Benyamin Bok (2616) bilan durangga rozi bo‘ldi.
O‘zbekistonlik 10 uchrashuvda beshta g‘alaba qozonib, uch marta durang o‘ynadi va ikki marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi (10 o‘yindan 6,5 ochko).

Parallel o‘tkazilgan o‘yinlarda Hindiston-2 terma jamoasi Germaniyani mag‘lub etdi (3:1), Armaniston esa Ispaniyani (2,5:1,5) ortda qoldirdi, shu sababli O‘zbekistonga medal olish uchun g‘alaba kerak edi. Hal qiluvchi o‘yinda 27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) 20 yoshli Maks Uormerdam (2610) ustidan ustunlik qildi va O‘zbekistonga shaxmat olimpiadasidagi ilk g‘alabani keltirdi.
Vohidov jami sakkizta o‘yin o‘tkazib, beshta g‘alaba qozongan va uch marta durang qayd etgan (8 o‘yindan 6,5 ochko).

Turnirda 20 yoshli Shamsiddin Vohidov (2552) ham terma jamoa safida o‘ynadi. U uchta g‘alaba va bitta mag‘lubiyatsiz durang qayd etdi (4dan 3,5 ochko).
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi 11 tur yakuniga ko‘ra, 19 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab, mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa maqomini saqlab qoldi. Ikkinchi o‘rinni Armaniston (19 ochko), uchinchi o‘rinni Hindiston-2 (18 ochko) egalladi.

BOG'LANISH

Toshkent shahri,Mirobod tumani, Shahrisabz ko'chasi, 25

  • +998 (71) 238-74-27

  • +998 (71) 238-74-31

  • lyceum@wiut.uz

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

Search