Login
  English language   Русский Язык   O'zbek tili
TXVU Academik Litseyi
  Search

O’quv jarayoni hamda ma’naviyat va ma’rifat


 

   Minimize

Litseyda o’quv yili ikki semestrdan iborat bo’lib, har bir semester yigirma hafta davom etadi. Semestrlar o’rtasida talabalarga qisqa muddatli ta’til beriladi. Semester davomida talabalar o’qitilayotgan har bir fan bo’yicha ikkita oraliq nazorat va bitta yakuniy nazorat topshirishadi. Talabaning o’zlashtirishini kundalik nazorat qilish esa joriy og’zaki va yozma nazoratlar orqali amalga oshiriladi. Baholashning obyektivligini ta’minlash maqsadida, litseyda ID tizimi joriy qilingan.

Litseyda talabalarning mustaqil o’rganishiga alohida e’tibor qaratiladi. Litsey Axborot Resurs Markazi talabalarning o’qishi va o’z ustida mustaqil ishlashi uchun turli xil resurslarga ega. Markazda 500 nomdan ziyod o’quv va badiiy adabiyotlar mavjud bo’lib, ulardan 100 nomdan ziyodini ingliz, nemis, ispan va fransuz tilidagi adabotlar tashkil qiladi. Ingliz tilidagi adabiyotlar nafaqat ingliz tilini o’qitishga mo’ljallangan, balki iqtisodiyot, huquq, menejment singari fanlarni ingliz tilida o’qitishga ham mo’ljallangandir. Shuningdek, markaz O’zbekistonda va xorijda nashr qilinadigan gazeta, jurnallar va ilmiy davriy nashrlarga ham obuna bo’lganki, bu nashrlar litsey talabalari va o’qituvchilarining ilm dunyosidagi so’nggi yangiliklardan o’z vaqtida xabardor bo’lib turishlariga imkon beradi. Markazning ikkita o’quv zali 150 talabaga xizmat ko’rsata oladi. Shuningdek, talabalar o’quv zalidagi kompyuterlardan ham o’quv maqsadlarida foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, talabalarga doimiy ravishda ma’ruzalar va o’quv materiallarining elektron nusxalari litsey veb-sayti orqali yetkazib boriladi.

Litsey Talabalar Uyushmasi yordamida litsey talabalari muntazam ravishda klublar, intellektual va sport musobaqalari tashkil qilib turishadi. Bunday musobaqalar talabalarga bo’sh vaqtini ko’ngilli o’tkazishga hamda intellektual va jismoniy rivojlanishga yordam beradi. Talabalar o’zlarining “West Up’ deb nomlangan jurnalini nashr qilishadi va unda litsey hayotiga oid yangiliklarni yoritishadi. Shuningdek, talabalar milliy bayramlarga bag’ishlangan tadbirlar va konsertlar uyushtirishadi.

Akademik Litsey talabalari xizmatida eng zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan sport majmuasi bo’lib, ushbu majmua 2009 yil 27 mayda Kent shahzodasi Maykl Janobi Oliylari tashrifi chog’ida ishga tushirilgan. Sport majmuasi sport ixlosmandlarining turli xil ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan bo’lib, fitnes zali va trenajyor zali, shuningdek, voleybol, qo’l to’pi, badminton, mini futbol va stol tennisi bo’yicha o’yinlarni o’tkazishga mo’ljallangan yopiq sport zalini o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, sportning intellektual turlariga qiziquvchilar uchun shaxmat va shashka o’yinlari o’tkazish imkoniyati ham mavjud. O’g’il bolalar va qizlar uchun hamda erkak xodimlar va ayol xodimlar uchun alohida kiyinish xonalari kiyimlarni sqalash uchun kabinkalar va yuvinish uchun dush xonalari bilan jihozlangan. Shuningdek, sport majmuasida sun’iy chim bilan qoplangan mini futbol maydonchasi va sun’iy rezina qoplamasi yotqizilgan basketbol maydonchasi ham mavjud. Sport majmuasidagi tibbiyot xonasi har doim birinchi tibbiy yordam ko’rsatish uchun shay. Litsey talabalari uchun sport majmuasi eshiklari nafaqat jismoniy tarbiya darslari paytida, balki darsdan keyingi bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishlari uchun ochiq. Jismoniy tarbiya rahbari Oksana Karpova, sport majmuasi rahbari Bahodir Keldiyorov va sport majmuasi trenerlari har doim talabalarga o’z mashg’ulotlari jadvalini tuzishda yordam berish va yo’l yo’riq ko’rsatishga tayyorlar.